Ushbu haftada Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Potrebitel.uz» guruhi Toshkentda maktab o‘quvchilarining tashqi ko‘rinishi, jumladan soch va soqollari uchun ota-onalar jarimaga tortilayotgani haqidagi post e’lon qilindi e’lon qilindi.

Post muallifi ota-onalar farzandining sochi tufayli tuman profilaktika inspektori e’lon qilganidek 300 ming emas, balki 1,5 mln so‘mdan jarimaga tortilganini ta’kidlagan.

Yana bir foydalanuvchi 107-maktabda soqol qo‘ygan o‘quvchining ota-onasi jarimaga tortilganini ma’lum qildi.

Toshkent IIB ushbu ma’lumotni rad etdi: «[Ta’riflangan] vaziyat haqiqatdan yiroq, ota-onalar maktab o‘quvchilarining tashqi ko‘rinishi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi».

Boshqarmaning ta’kidlanishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

«Gazeta.uz»ning huquq-tartibot idoralaridagi vaziyatdan xabardor manbasining aytishicha, o‘quvchi maktabga taqiqlangan buyum olib kelgan. «Unga tanbeh berishganida, u direktor bilan tortishishni boshladi. Ota-onalar chaqirilgan. Ularga tashqi ko‘rinishi uchun emas, balki MJTK 47-moddasi bo‘yicha jarima solingan», — dedi manba.

Tahririyat izoh uchun post muallifi bilan bog‘landi, biroq hozircha javob olgani yo‘q.

sentabr oyi boshida Toshkentdagi 142-maktabda o‘quvchilarga soch turmagi uchun IIO xodimlari ishtirokida tanbeh berilgan edi. Qonunchilikka ko‘ra, o‘g‘il bolalarning sochi 2−3 sm uzunlikda bo‘lishi kerak, ichki ishlar bo‘limi maktab o‘quvchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazgani, birida qaychi topilganini ma’lum qildi.