Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning «Mir» to‘lov tizimining O‘zbekistondagi kartalari egalari bankomatlar kartalarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgani haqida xabar berishdi.

Yagona respublika protsessing markazi (Uzcard brendi) «Gazeta.uz»ga 23 sentabr kuni soat 9:00 dan boshlab bankomat va terminallarda «Mir» kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganini tasdiqladi.

Kompaniya Uzcard infratuzilmasida Uzcard — «Mir» kobeyj kartalariga (bir vaqtning o‘zida ikkita tizim bilan ishlaydigan kartalar) normal xizmat ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Cheklovlar faqat O‘zbekistondan tashqarida chiqarilgan «Mir» kartalariga, shuningdek, xorijdagi Uzcard — «Mir» qo‘shma kartalariga tegishli.

Ayni paytda Uzcard — «Mir» qo‘shma kartalarini chiqarayotgan banklar bu haqdagi ma’lumotlarni o‘z veb-saytlaridan olib tashlashni boshladi. 21 sentabrdan boshlab Turonbank, Mikrokreditbank va Xalq banki bunday kartalarni chiqarish bo‘limlarini olib tashladi.

Payshanba kuni Turonbank call-markazi «Gazeta.uz»ga «tizimning texnik muammosi» bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan, biroq ular qachon yakunlanishini ochiqlamadi.

Uzcard — «Mir» qo‘shma kartalari haqidagi ma’lumotlar O‘zmilliybank, «Aloqabank» va «Qishloq qurilish bank» saytlarida hamon saqlanib qolgan.

Joriy hafta Qozog‘iston, Armaniston, Turkiya va Vetnamdagi ayrim banklar AQSh Moliya vazirligining ikkilamchi sanksiyalar xavfi haqida ogohlantirishi munosabati bilan Mir kartalari xizmatini cheklagandi.

O‘zbekiston Markaziy banki «Gazeta. uz»ning bir necha bor so‘rovlariga qaramay, hozircha vaziyatga izoh bermadi.