Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati 22 sentabr kuni soat 04:24 da Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi korxonalarning birida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, shahardagi «Marg‘ilon darvozasi» MFY Navoiy ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish korxonasida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida viloyat FVBga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, 13 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 04:26 da yetib borgan.

Yong‘in soat 06:20 da qurshab olingan va soat 07:20 da bartaraf etilgan. Voqea oqibatida korxona binosining taxminan 300 kvadrat metr maydonida tom qismi yonib zararlangan.

«Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inni kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda», — deyiladi xabarda.