O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi vatandoshlarni chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanishi javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi birinchi qismiga ko‘ra yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 154−1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.

«Shunga ko‘ra, chet mamlakatlarda bo‘lib turgan hamyurtlarimizdan harbiylashgan tuzilmalarga yollanmaslikka, harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz va bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida yana bir bor ogohlantiramiz», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Rossiya Davlat Dumasi RF armiyasida shartnoma bo‘yicha xizmat qiladigan chet elliklar mamlakat fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishlari mumkinligi to‘g‘risidagi o‘zgartishlarni ma’qulladi. Moskvadagi «Saxarova» migratsiya markazida xorijliklarni harbiy xizmatga qabul qilish uchun infratuzilma yaratiladi. 21 sentabr kuni Federatsiya Kengashi qonunni ma’qulladi, u prezident tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.

O‘zgartirishlarga muvofiq, «Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari, boshqa qo‘shinlari yoki harbiy tuzilmalarida kamida bir yil muddatga xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan chet el fuqarolari» yashash ruxsatnomasini olmasdan turib Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishlari mumkin.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, harbiy shartnoma bo‘yicha kamida uch yil xizmat qilish kerak.

Bugun Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik e’lon qildi.