Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev chorshanba kuni muddatidan oldin prezidentlik saylovini 20 noyabr kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar berdi Akorda.kz.

«Ushbu saylovlar butun siyosiy tizimni tubdan «qayta yuklash»ga olib keladigan saylov siklini boshlaydi. Bu barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, fuqarolar farovonligi va turmush sifatini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli vazifalarni hal etishga e’tiborimizni yanada kuchaytirish imkonini beradi», — dedi u xalqqa murojaatida.

Davlat rahbari saylovoldi tashviqotining qonun hujjatlariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazilishini kafolatlashini ta’kidladi. «U adolatli, ochiq, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning keng ishtirokida o‘tkaziladi».

Tokayevning fikricha, konstitutsiyaviy islohot natijasida «hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida optimal muvozanat» shakllangan. Unga ko‘ra, davlat «kuchli prezident — nufuzli parlament — hisobdor hukumat» tamoyiliga qat’iy amal qiladi.

Majlis va maslixatlarning navbatdagi deputatlari yangi aralash tizim — partiya ro‘yxati va bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylanadi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy sud tashkil etilmoqda, u 2023 yil yanvar oyida ish boshlaydi.

Endilikda viloyatlar hokimlari muqobillik asosida saylanadi. Konstitutsiyada yer va uning osti boyliklari xalqniki, degan qoida kiritildi. Ushbu qoidani amalga oshirish uchun Bolalar milliy jamg‘armasi dasturi e’lon qilindi.

Qasim-Jomart Tokayev konstitutsiyaviy islohot u davlat rahbari etib saylanganidan buyon amalga oshirilayotgan «keng ko‘lamli siyosiy modernizatsiya dasturining uzviy qismi» ekanini ta’kidladi.

Mazkur dastur doirasida tinch yig‘ilishlar o‘tkazish uchun xabar berish tamoyili joriy etildi. Siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi, ro‘yxatga olish to‘siqlari kamaytirildi. Saylovoldi partiya ro‘yxatida va deputatlik mandatlarini taqsimlashda ayollar va yoshlar uchun 30 foizlik kvota joriy etildi.

Bundan tashqari, siyosiy partiyalarning parlamentga kirishi uchun belgilangan chegara 7 foizdan 5 foizga tushirildi. Saylov byulletenlarida «hammasiga qarshi» ustuni ham paydo bo‘ldi.

Qishloq hokimlarini bevosita saylash mexanizmi va boshqalar ham joriy etildi.

Eslatib o‘tamiz, 1 sentabr kuni Qasim-Jomart Toqayev xalqqa murojaatida prezidentlik mandatini qayta saylanish huquqisiz bir muddat 7 yil bilan cheklashni va kuzda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni taklif qildi. 2023 yilning birinchi yarmida parlament va maslixatlarga muddatidan oldin saylovlar o‘tkaziladi.