BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Suy Dunyu O‘zbekistonning 2023 yilda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi, deya xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari 19 sentabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va FAO bosh direktori Suy Dunyu uchrashuvida muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Samarqanddagi SHHT sammitida ilgari surilgan edi.

Vladimir Norov uchrashuvda O‘zbekiston FAOni barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun muhim global ko‘p tomonlama platforma deb bilishini ta’kidladi. FAOning O‘zbekistondagi portfeli umumiy qiymati 65 mln dollarga 59 ta milliy, mintaqaviy va global loyihani tashkil etmoqda.

2020−2030 yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatimiz va FAO o‘rtasida imzolangan Doiraviy dasturni to‘la-to‘kis amalga oshirish muhimligi qayd etildi.