Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya hududlarida davlat rasman ruxsat bermagan ommaviy namoyishlar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani aytilmoqda, deya xabar berdi O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

Shu munosabat bilan, agentlik ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan bunday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikni, Rossiya qonunlariga rioya etishni va odamlar ko‘p to‘planayotgan joylarga bormaslikni so‘radi.

«Bu kabi rasman ruxsat berilmagan tadbirlarda qatnashish chet el fuqarolari uchun Rossiya qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortilish yoki davlatdan majburiy chiqarib yuborishga olib kelishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik holati e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatga birinchi navbatda zaxiradagi 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar jalb etiladi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning ta’kidlashicha, buning uchun 300 ming kishini yollash rejalashtirilgan. Biroq qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonda bunday tafsilotlar, shuningdek, kimlarning aniq chaqirilishi ham ko‘rsatilmagan.

Qisman safarbarlik e’lon qilingandan so‘ng Rossiyaning «Vesna» harakati «Safarbarlikka yo‘q!» shiori ostida norozilik namoyishini o‘tkazishga chaqirdi. 21 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da Rossiyaning barcha shaharlarida namoyishlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.