Andijonda Cobalt haydovchisi YPX xodimini mashina kapotida sudrab ketgani aks etgan videoxabar tarqaldi. Andijon IIB xabar qilishicha, ushbu holatni yuzaga keltirgan 19 yoshli haydovchi ushlangan.

Voqea 15 sentabr kuni tungi soat 21:58 da Andijon shahar Milliy tiklanish va Amir Temur shox ko‘chalari kesishmasida xizmat olib borayotgan Andijon viloyati IIB JXX YHXB xodimi bilan sodir bo‘lgan.

Haydovchi boshqa inspektorning to‘xtash haqidagi talabiga e’tibor bermagani haqida ratsiya orqali xabar olgan YPX xodimi yigitga mashinani to‘xtatishni buyurgan. Qonuniy talabga bo‘ysunmagan haydovchi mashinani inspektor tomon yurgaza boshlagan. Xodim yon tomonga sakrashga ulgurmay, kapotga osilib qolgan.

Mashinaning keskin burilishi vaqtida inspektor yerga yiqilib, qo‘l va oyoqlaridan jarohat olgan. Uning yonidagi aloqa vositalari va jezl shikastlangan.


IIB e’lon qilgan videoda haydovchi YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bir necha bor bo‘ysunmaganini tan oldi. U faralari o‘zgartirilgani sabab mashinasini jarima maydonchasiga qo‘yilishidan qo‘rqib shunday qilganini aytib o‘tdi. Haydovchi xodimdan uzr so‘rab, tengdoshlariga bunday ish qilmasliklarini maslahat berdi.

Fuqaro K.V.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi.

Ushbu holat yuzasidan IIV SHXBB Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Andijon shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.