Xalq bankining Jizzax viloyati Zomin filiali boshqaruvchisi o‘z xodimiga sport qurolidan o‘q uzdi, deb xabar berdi viloyat IIB matbuot xizmati.

Boshqa ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 16 sentabr kuni soat 22:30 larda Zomin tumani «Taraqqiyot» MFYda yashovchi AT Xalq banki Zomin filiali boshqaruvchisi N.M. yashash xonadoni oldida sodir bo‘lgan. U Xalq banki Zomin filialida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlovchi spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan N.J. bilan o‘zaro tortishib janjallashgan.

3Oqibatda bank boshqaruvchisi N.M. tan jarohati yetkazish maqsadida sport (tir) qurolidan bir marotaba otib N.Jga tan jarohati yetkazgan.

N.J. ko‘krak qafasining chap yon qismi yuza jarohati tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari Zomin tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

«Gazeta.uz» matbuot xizmatidan jabrlanuvchining ahvoliga izoh berishni so‘radi, biroq ular hozircha sodir bo‘lgan voqea tafsilotlarini oshkor eta olmasligini aytishdi.