Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun 15 sentabr kuni Samarqandga keldi.

Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Ilhom Aliyev Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi.

Shu kunning o‘zida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni Samarqandga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston qadriyatlari va ma’naviy-madaniy merosi mushtarak bo‘lgan birodar ozarbayjon xalqi bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yuksak qadrlashini ta’kidladi.


Ozarbayjon yetakchisi, o‘z navbatida, O‘zbekiston rahbariga taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, strategik sheriklik munosabatlari misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqqanini qayd etdi.

Joriy yil strategik sheriklikni mustahkamlashda tarixiy davr bo‘lgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Qayd etilishicha, iyun oyida Ozarbayjon prezidentining davlat tashrifi yakunlari barcha darajalardagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi va amaliy hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishladi.

Parlamentlararo hamkorlik rivojlanayotgani, savdo hajmi oshayotgani, energetika, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, paxtachilik va ipakchilikda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani yuqori baholandi.

Prezidentlar madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Avgust oyi oxirida ikki mamlakatning madaniyat va fan arboblari O‘zbekiston va Ozarbayjonning yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashning asosiy vazifalari batafsil ko‘rib chiqildi va bu boradagi kelgusi vazifalar belgilab olindi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan Samarqandda o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti kun tartibi kelishib olindi.