Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 15 sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min bilan uchrashdi.

Belarus rahbari SHHT bosh kotibiga mamlakatning ushbu tashkilotda kuzatuvchi sifatidagi rolini ijobiy baholagani uchun minnatdorlik bildirdi.

«Biz Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan 12 yildan beri hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Bizning Shanxay oilasiga kuzatuvchi sifatida qo‘shilishimiz o‘z-o‘zidan yoki tasodifiy emas edi. O‘shanda Shanxay hamkorlik tashkiloti hali yosh edi, dunyo tartibiga moslashishga harakat qildi. Hozirda esa unga sayyoramizning kelajagi, sayyoramizning juda ta’sirli qutbi sifatida qarashmoqda. O‘shanda bunday emas edi, lekin o‘sha paytda biz Shanxay tashkiloti bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaror qilgandik. Bu bizning siyosiy, iqtisodiy va balki harbiy-siyosiy kelajagimiz», — dedi Aleksandr Lukashenko.

«Shuning uchun tashkilotda kuzatuvchi sifatida faoliyat yuritar ekanmiz, Shanxay oilasining to‘laqonli a’zosi bo‘lishimizning vaqti keldi, deb qaror qildik. Bu yo‘lda bizni qo‘llab-quvvatlaganingizni va qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganingizni bilaman hamda buning uchun sizdan juda minnatdormiz», — dedi u.

Belarus prezidenti SHHT bosh kotibiga shaxsan o‘z minnatdorchiligini ham bildirdi.

«Siz har doim bizning so‘rovlarimizga, mening so‘rovlarimga javob berdingiz. Oxirgi prezidentlik saylovlarida ham qatnashdingiz. Belorussiyani ko‘rish, unga baho berish imkoningiz bo‘ldi va oxirgi prezidentlik saylovlarida berilgan baholar uchun sizdan minnatdorman. Bu SHHT ham bizning mamlakatimizdan manfaatdor ekanidan dalolat beradi», — dedi Aleksandr Lukashenko.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Belarus SHHTga to‘laqonli kirish uchun ariza bergan edi. O‘shanda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov tashkilot a’zolari mamlakat arizasini faol o‘rganayotganini ma’lum qilgandi.