14 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurdi. Uni aeroportda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Dastlab Mo‘g‘uliston prezidenti Hazrati Xizr majmuasiga kelib, birinchi prezident Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi va xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yetakchilari muzokaralarni boshlashdi. Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy tabrikladi.


O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston munosabatlarini faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki mamlakat prezidentlari joriy yil iyun oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan birinchi qo‘shma biznes-forum yakunlarini yuqori baholadi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Buning uchun zaror shartnomaviy-huquqiy asoslarni shakllantirish, qo‘shma kooperatsiya, eng avvalo, agrosanoat sohasida aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlar va hududlararo aloqalarni kengaytirishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi. Mo‘g‘uliston prezidenti O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi samarali raisligini qayd etib, sammit muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalarga tizimli tus berish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, Mo‘g‘uliston 2004 yildan beri Shanxay hamkorlik tashkiloti huzuridagi kuzatuvchi davlat hisoblanadi.