14-sentabr kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Misr va Qatar davlatlariga SHHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomi berish to‘g‘risida memorandumlar imzolandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjatlarni SHHT bosh kotibi Chjan Ming, Misr tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Hamdi Sanad Loza va Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad al-Murayxiy imzoladi. O‘zbekiston tomonidan esa tadbirda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov ishtirok etdi.

Memorandumlar SHHT va yuqoridagi davlatlar o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, savdo va investitsiya, energetika, AKT, qishloq xo‘jaligi, transport va kommunikatsiyalar, madaniyat, fan va texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni nazarda tutadi.

Hamkor davlat maqomi tashkilotga a’zo davlatlarning taklifiga binoan SHHT doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish huquqini beradi.

Avvalroq Shanxay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak sammitida olti davlat, xususan to‘rtta arab davlati hamkor maqomini olishi haqida xabar berilgandi. Bungacha SHHT muloqotida olti davlat — Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hamkorlik maqomida bo‘lgan.