O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos «tarixiy evrilish» pallasiga to‘g‘ri keldi — bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti arafasida yozgan maqolasida aytiladi.

«Xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqatidir. Buning asosiy sabablaridan biri — global darajada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani bilan bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida geosiyosiy qarama-qarshiliklarga rag‘bat berib, „bloklarga mansublik“ stereotiplarining qayta tug‘ilish xavfini yuzaga keltirmoqda. Davlatlar o‘rtasidagi bunday o‘zaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi taraqqiyot yo‘liga qaytishini va global ta’minot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirmoqda», — deyiladi xabarda.

«Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirmoqda», — deya ta’kidlagan prezident.

Keltirilishicha, shu bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko‘rsatib bermoqda. Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda.

«Bunday murakkab sharoitda bir xaqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas», — deyiladi xabarda.

«Bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li — konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir. Aynan inqiroz va bo‘hronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, o‘rta yoki kichik bo‘lsin, o‘zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni global hamjihatlikka qaratishlari lozim. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug‘dirayotgan, har qaysi mamlakatga rahna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir», — dedi prezident.

«Samarali xalqaro hamkorlik — bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi», — deb keltirgan u.

Shuningdek, prezident Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlar o‘rtasidagi turli kelishmovchiliklarni yengib o‘tish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish xamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag‘batlantirishga yordam berishinini aytib, tashkilot madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilma deya ta’kidlagan u.