Bunyodkor stadionining drenaj tizimi qayta ishlab chiqiladi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev.

Uning ta’kidlashicha, stadionda shu vaqtgacha drenaj tizimi ishlayotgandek taassurot qoldirgan bo‘lsa-da, aslida u umuman ishlamagan. Suv shunchaki qumda qolib, maysani chiritib boravergan. Bu haqda u mutaxassisning fikrini keltirib o‘tgan.

«Bunyodkor» stadioni maysasi maydon atrofini o‘rab turgan tribunaning beton devoridan tahminan 2−2,5 metr chuqurlikda bo‘lgan. Bu esa maydon bo‘ylab havo aylanishini qiyinlashtirgan.

Keltirilishicha, ayni vaqtda maydon sathi suratda ko‘rinib turgani kabi ko‘tarildi.

«Endi drenaj tizimi qayta ishlab chiqiladi va uning usti standart bo‘yicha qoplab boriladi. Natijada maydon sathi tribuna devori darajasi bilan deyarli tenglashadi. Stadionda futbol ko‘rish yanada yoqimliroq bo‘lib, futbolchilar muxlislarga juda yaqin joyda ko‘rinish beradi», — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bilan shamol aylanishi, maysa parvarishi masalasidagi muammolar yechilishi maqsad qilingan. Avvalgi xatolar cheklab o‘tiladi. Natija qanday bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi. Ayni vaqtda «O‘zbekneftgaz» mart oyidagi xalqaro musobaqaga qadar barchasi a’lo darajada bo‘lishi uchun barcha harakatni amalga oshirayotganini ko‘rish mumkin, deyiladi xabarda.

«Bunyodkor» stadioni 2012 yil 28 sentabr kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ishtirokida tantanali ochilgandi. Majmua 37 gektar maydonni egallab, asosiy stadiondan tashqari yana yettita zamonaviy maydonga ega. Shuningdek, hududda bolalar va o‘smirlar futbol maktabi, suzish havzasi va boshqa sport inshootlari hamda boshqa infratuzilma obyektlari mavjud. Kechqurun stadion fasadini «Sharq alangasi» deb nomlangan yoritish tizimi yoritadi.

Shuningdek, hududda «O‘zbekiston futboli tarixi muzeyi» joylashgan, unda «Bunyodkor» futbol klubining kuboklari, O‘zbekiston futboliga oid boshqa buyumlar, fotosuratlar va ko‘rgazmalar taqdim etilgan.