Shak-shubhasiz, Afg‘oniston — “Shanxay hamkorlik tashkiloti makonining ajralmas qismi” va “SHHT doirasida shakllangan ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afg‘onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish o‘ta muhim va dolzarbdir”, deya ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev. U bu haqda SHHTning Samarqanddagi sammiti oldidan e’lon qilgan maqolasida qayd etdi.

“Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtoj. Afg‘onistonga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning ma’naviy burchimizdir”, — deya qayd etdi davlat rahbari.

“Asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini o‘tab kelgan Afg‘oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini namoyon etmog‘i lozim”, — dedi u.

Bunday o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafg‘on koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. “Shuni ham anglash muhimki, „Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar“ temir yo‘li kabi qo‘shma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shishimiz mumkin”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“O‘zaro pozitsiyalarimizni yaqinlashtirib, tinch, barqaror va farovon Afg‘oniston uchun SHHTning yangi kun tartibini birgalikda ishlab chiqa olishimizga aminman. Shundagina tom ma’noda barqaror va izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega bo‘lgan SHHT makonini barpo eta olamiz”, deya ishonch bildirdi prezident.

O‘zbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgach, asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi, deyiladi maqolada.

“Bizning asosiy shiorimiz — „Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi“. Uni amalda ro‘yobga chiqarish yo‘lida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador bo‘lishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik”, — deb yozdi prezident.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning SHHTga raisligi — yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu siyosat, eng avvalo, SHHTning geografik o‘zagi bo‘lmish, bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy va ortga qaytmas jarayonlar ro‘y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda”, — deya qayd etdi u.