O‘zbekistonda turar-joyga ehtiyoji bor talabalarning 47 foizi yotoqxonalar bilan ta’minlangan. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov juma kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«1991−2010 yillarda yotoqxona o‘rinlari soni kamaysa kamayganki, ko‘paymagan. 2010−2016 yillarda 2000 o‘rinli talabalar turar-joyi barpo etilgan. Hozirgi kunda bitta talaba uchun turar-joy qiymati 40−50 million so‘m atrofida, ya’ni, masalan, 400 o‘rinli talabalar turar-joyi taxminan 20 mlrd so‘m atrofida bo‘ladi. 2017−2022 yil yakuni bilan 56 ming o‘rinli talabalar turar-joyi bo‘lyapti. Bu 2010−2016 yilga nisbatan 28 barobar ko‘p», — dedi vazir.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2016 yilda 77 ta OTM bo‘lgan bo‘lsa ayni kunda ularning soni 172 taga yetgan. Unda tahsil oluvchi talabalar esa 200 ming nafardan 800 ming nafarga yetgan.

«Talabalar turar-joyining yetishmaslik muammosi oliy ta’lim muassasalari, talabalar sonini ko‘paytirgunga qadar ham ko‘p edi. Dunyo oliy ta’lim tizimini o‘rganganimda bir narsaga guvoh bo‘ldim — talabalarni yotoqxona bilan 100 foiz ta’minlagan birorta davlat yo‘q. Ayni paytda O‘zbekistondagi OTMlar yotoqxonasida 91 ming talabaga joy bor. OTMlarda o‘quvchi 211 ming nafar talabaning esa turar-joyga ehtiyoji bor», — dedi Abduqodir Toshqulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 211 mingdan 91 ming talaba turar-joy bilan ta’minlangan bo‘lsa, yana 120 ming talaba ijara asosida turar-joy topishga majbur. Avvalroq «Gazeta.uz» ushbu muammoga duch kelgan talaba va ularning ota-onalari bilan suhbatlashgan edi. Maqolani quyidagi havola orqali o‘qishingiz mumkin.