Shimoliy Koreya parlamenti yadro qurolidan tashqi hujumdan himoyalanish uchun preventiv (ogohlantiruvchi) foydalanish imkonini beruvchi qonunni qabul qildi, deya xabar qildi DW Koreya davlat axborot agentligiga tayangan holda.

«Agar milliy yadroviy kuchlarning qo‘mondonlik va nazorat tizimi dushman kuchlar tomonidan hujum tahdidi ostida bo‘lsa, darhol yadroviy zarba beriladi», — deyiladi qonunda.

G‘arb OAVlarining qayd etishicha, shu tariqa Shimoliy Koreya o‘zini rasman yadroviy davlat deb e’lon qildi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In KXDR parlamenti sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatning yadroviy maqomi endi «qaytarib bo‘lmaydigan» ekanligini va mamlakatni yadrosizlantirish bo‘yicha muhokamalar endi mantiqiy emasligini aytdi.

Shimoliy Koreya hech qachon yadro qurolidan voz kechmaydi, dedi Kim Chen In, chunki u Shimoliy Koreyaga mamlakat mudofaasini barbod qilish va oxir-oqibat hukumatini ag‘darish uchun «bosim o‘tkazayotgan» AQShga qarshi turish uchun kerak.

Kim Chen In, shuningdek, Janubiy Koreyani harbiy salohiyatini kengaytirish va shimoldan kuchayib borayotgan tahdidga qarshi turish uchun AQSh bilan birgalikda keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni qayta tiklash rejalari uchun tanqid qildi. KXDR rahbari bunday rejalarni «xavfli» va «keskinlik tug‘diruvchi» deb atadi.

BMT va MAGATE Shimoliy Koreya 2017 yildan buyon ilk yadro sinovini o‘tkazishga tayyorlanayotganidan xavotirda, deyiladi hisobotda. Buni so‘nggi oylarda mamlakat shimolidagi «Pungeri» yerosti poligonida qayd etilgan faollik ko‘rsatmoqda. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda 2018 yilda AQSh bilan yadrosizlanish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida tunnellar ta’mirlanayotgani va buzib tashlangan inshootlar qayta tiklanayotganini ko‘rish mumkin. 2006−2017 yillarda KXDR «Pungeri» poligonida oltita yadroviy sinov o‘tkazdi.