Estoniya, Latviya, Litva va Polsha Rossiya fuqarolari uchun quruqlik chegarasini kesib o‘tishga cheklovlar kiritadi. Bu haqda Estoniya tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsalu matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar beradi Estoniya milliy teleradiokompaniyasi (ERR).

Uning so‘zlariga ko‘ra, 19 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya fuqarolarining Estoniyaga kirishiga taqiq kuchga kiradi. Shengen vizasini qaysi davlat bergan bo‘lishidan qat’i nazar, ular mazkur davlatlar hududiga kira olmaydi. «Estoniyaga Shengen vizasi bilan kelmang, bu yerda sizni xush ko‘rishmaydi», dedi vazir rossiyaliklarga.

Urmas Reynsaluning qo‘shimcha qilishicha, taqiq turistik vizalar bilan sayohat qiluvchilarga taalluqlidir va mamlakatga qarindoshlari bilan uchrashish yoki boshqa gumanitar sabablarga ko‘ra tashrif buyurishni xohlovchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bosh vazir Kaja Kallas mamlakatga kirishni taqiqlash sabablaridan biri sifatida xavfsizlik masalasini alohida ta’kidladi, chunki: «Rossiyaning Ukrainadagi agressiv urushi bilan bir qatorda gibrid urush ham borligini hisobga olsak, Estoniya barcha kelganlarni nazorat qila olmaydi».

«Estoniya chegarani himoya qilish uchun katta resurslardan foydalanishi kerak», — dedi u.

Siyosatchining aytishicha, joriy etilgan sanksiyalar tufayli Rossiya bilan havo qatnovi to‘xtatilganidan so‘ng Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradosh davlatlarga «juda og‘ir tushgan». Uning ta’kidlashicha, o‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishidan so‘ng Yevropa Komissiyasi chegaradosh davlatlarning kirish cheklovlari to‘g‘risida milliy darajada qaror qabul qilish huquqini ham tan olgan.

Bugungi kunga qadar Rossiya fuqarolari Estoniya tomonidan berilgan 49,8 ming amaldagi vizaga ega, ulardan 47,9 ming nafari qisqa muddatli va 1805 nafari uzoq muddatli. 19,3 ming holatda tashrif maqsadi turizm, 20,4 ming holatda oila va do‘stlarni ziyorat qilish. Boshqa davlatlar yiliga besh yilgacha amal qilish muddati va Shengen hududiga bir necha marta kirish imkoniyati bilan 3 milliondan ortiq Shengen vizalari beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kamida 10 mln Rossiya fuqarosi qisqa muddatli Shengen vizasiga ega.

Pragada bo‘lib o‘tgan ikki kunlik tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya fuqarolariga viza berishni taqiqlash bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. Buning o‘rniga ular vizani soddalashtirish bo‘yicha kelishuvni bekor qilishga kelishib oldilar, bu esa Shengen vizalarini olish tartibini rossiyaliklar uchun qimmatroq qiladi va qiyinlashtiradi, ammo YeIga kirish imkoniyati saqlanib qoladi.

O‘z navbatida, Boltiqbo‘yi mamlakatlari, boshqa Yevropa Ittifoqi a’zolarining qaroriga qaramay, Rossiya fuqarolarining kirishini milliy darajada cheklashga rozi bo‘lishdi. Finlyandiya Yevropa Komissiyasi darajasida kelishib olinmaguncha cheklovlar joriy qilmasligini bildirdi.