31 avgust kuni Toshkent hayvonot bog‘iga aeroportdan noqonuniy olib o‘tilayotganda aniqlangan 57 ta Nil timsohchalari olib kelindi.

Misrdan uchib kelgan fuqaro jonivorlarni meva va sabzavotlar orasida folga qog‘ozga o‘ralgan plastik idishlarda solib, o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Toshkent hayvonot bog‘ining ma’lum qilishicha, yangi tug‘ilgan hayvonlarni vahshiy yo‘l bilan tashish ularning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazgan.

Bog‘ ma’muriyati kichik timsohchalarni qabul qilgan vaqtida ular o‘ta abgor, ba’zilari juda zaif holatda bo‘lganini qayd etdi.

«Hozirda ular bizning xodimlarimiz tomonidan qattiq himoyaga olingan maxsus joylarda saqlanmoqda va zarur issiqlik, yorug‘lik, hamda oziq-ovqat bilan ta’minlangan. Biz ularni go‘sht bo‘laklari, baliq, yangi tug‘ilgan sichqonchalar, mayda baliq va hasharotlar bilan boqyapmiz», — deyiladi xabarda.

Chaqaloqlar o‘sish va rivojlanish dinamikasini kuzatish va nazorat qilish maqsadida tarozida tortilib, o‘lchandi. Bog‘ ma’muriyati jonivorlar baquvvat bo‘lib ulg‘ayishi va tashrif buyuruvchilarga namoyish etilishiga umid bildirdi.

Nil timsohlari yer yuzidagi eng katta sudralib yuruvchilardan biri. Ular ulkan hajmga ega (5−6 m va undan yuqori). Ular barcha hayvonot bog‘larida ham saqlanmasligi mumkin, chunki ushbu timsohlar hayoti uchun keng suv ombori va malakali parvarish zarur.

Toshkent hayvonot bog‘ida isroilliklar sovg‘a qilgan Adam laqabli Nil timsohi bor, uning o‘lchami, hozirda taxminan 3 metrga yetadi.

Foto