Avgust oyida Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tong sahardan Toshkentdagi mehmonxonalarda dam olayotganlarning hujjatini tekshirmoqda. Bu haqda bir qancha mehmonxonalar menejeri, Turizmni rivojlantirish assosatsiyasi raisi Dilshod Odilov Facebook`dagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning yozishicha, ichki ishlar xodimlari ertalabki soat 05:00 da mehmonxonada uxlab yotgan mehmonlarni uyg‘otib, pasport ko‘rsatishni talab qilgan. Dilshod Odilov buning isboti o‘laroq, holatga oid videolarni e’lon qilishga ham tayyorlayotganini ta’kidladi.


Foto: Dilshod Odilov / Facebook.

«Dunyoning qaysi davlatida sizni kechasi uyg‘otib pasportingizni tekshirishgan? Bu kabi tekshirishlar hamma mehmonxonalarda bo‘lmoqda. Xavfsizlikni biz ham istaymiz. Lekin evi bilan tekshirish kerak-da! Bunaqada turistlar oldida sharmanda bo‘lamiz. O‘zi bir nechtasiga sharmanda bo‘lib bo‘ldik: „Davlatingiz sizlarning elektron ro‘yxatga qo‘yganingizga ishonmaydimi?“, deyishyapti. Prezidentimiz turizmni rivojlantiringlar demoqda, bu yoqda esa turizmga zarar berish uchun qo‘ldan kelganini qilishyapti», — deya qayd etdi u.

IIV munosabati

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov «Gazeta.uz» so‘roviga asosan, holat yuzasidan munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, fuqarolarning shaxsini aniqlash va tekshirish kabi tadbirlar oldindan belgilangan maxsus rejalar asosida xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda tezkor-profilaktik mazmundagi ishlar jarayonida amalga oshiriladi.

«Huquqni muxofaza qilish organlarining barcha harakatlari o‘rnatilgan tartibda va belgilangan qonunchilik doirasida bajariladi. Xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq zaruriy tekshiruvlar ayrim fuqarolarga ma’lum darajada noqulaylik keltirishi tabiiy holat. Lekin butun dunyoda bunday choralar odatiy va to‘g‘ri qabul qilinadi. Shunda ham xodimlarning harakatlaridan norozi fuqarolar o‘rnatilgan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega ekanliklarini eslatib o‘tamiz», — dedi Shohrux G‘iyosov.

Foto: Dilshod Odilov / Facebook.

Ammo Shohrux G‘iyosov bir qancha savollarni ochiq qoldirdi. Jumladan, IIV rasmiy vakili mazkur tekshiruvlar qaysi rasmiy hujjat yoki kimning buyrug‘i asosida o‘tkazilayotgani, joriy yilda mehmonxonalarda olib borilgan tekshiruvlar davomida qancha turist xavfli odam, deb topilgani, bu kabi tadbirlar boshqa turistik hududlar — Samarqand, Buxoro va Xivada ham o‘tkazish rejasi bor yoki yo‘qligi, O‘zbekiston hududiga kirishda kuchli nazoratdan o‘tgan turistlarning mehmonxonada yana qaytadan hujjatlari teshkirilishi huquqiy va mantiqiy jihatdan qanchalik to‘g‘riligi kabi savollarni izohsiz qoldirdi.

«Tekshiruv nima uchun chegarada emas, mehmonxonada bo‘lishi kerak?»

IIVning mazkur bayonotidan qoniqish hosil qilmagan Dilshod Odilov organ xodimlari «E-mehmon» tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tgan xorijlik mehmonlarni ish joyidan turib ham tekshirsa bo‘ladi, mehmonxonaga kelishga majbur emasligini qayd etdi.

«To‘g‘ri, tekshirib turish normal holat bo‘lishi mumkin. Ammo muammo ularning qay tartibda amalga oshirilayotganida. Shundoq ham „E-mehmon“ tizimida turgan mehmonni o‘z ofisidan emas, mehmonxonaning qabulxonasidan chiqarib olishda mantiq yo‘q. Tekshirishga majbur bo‘lsa, mehmonni azonlab soat 05:00 da bezovta qilish noto‘g‘ri», — dedi Dilshod Odilov.

U tekshiruv nima uchun chegarada emas, mehmonxonada bo‘lishi kerakligi haqidagi savolni o‘rtaga tashlagan.

«Aytaylik, yomon niyatli odam chagaradan o‘tsa-yu, mehmonxonada yashamasa, nazorat qanday bo‘ladi? Yoki mehmonxonada bir mehmonning eshigi taqillatildi. O‘sha mehmon eshikni ochganda uning niyati qanaqa ekanligini qanday bilib olishmoqchi?», — deya tanqid qildi u.

Turizm vazirligi IIVdan tekshiruv nega o‘tkazilganini tushuntirishni so‘radi

Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot kotibi Lola Rahmonboyevaning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga xat kiritilgan.

«Ichki ishlar vazirligiga holat bo‘yicha tushuntirish so‘rab hamda kelgusida turizm sohasi subyektlari faoliyatida o‘rganish faqatgina shikoyat mavjud bo‘lgan hollarda va aniq belgilangan vaqt davomida mehmonxonada bo‘lgan sayyohlarga va mehmonxona faoliyatiga xalaqit bermagan holda o‘tkazilishi bo‘yicha xat kiritildi», — dedi u.

Ma’lumot uchun, 2018 yil 15 iyuldan O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni «E-mehmon» tizimi orqali masofadan ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yilgan. Ularni bir oygacha muddatga vaqtinchalik ro‘yxatga olganlik uchun javobgarlik taklif qiluvchi yoki qabul qiluvchi shaxsga yuklatiladi.