Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan Lacetti haydovchisiga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi, deb xabar qildi O‘zbekiston IIV YHXBB matbuot xizmati.

Avval xabar berganimizdek, hodisa 24 avgust kuni soat 22:20 atrofida Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko‘chasida sodir bo‘lgan. Haydovchi Jahongir Mirzayev (1986 y. t.) Lacetti rusumli avtomashinani (01M 701 SA) tegishli hujjatlarsiz va haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan.

YHXBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi Bunyodkor shoh ko‘chasida qarama-qarshi bo‘lakda harakatlanib, avariya holatini yuzaga keltirgan. YPX xodimi Oybek Soatovning aytishicha, u Lacetti haydovchisiga hushtak va tayoq bilan to‘xtashga ko‘rsatma bergan, biroq u harakatda davom etgan.

Huquqbuzar Jahongir Mirzayev «razvorot» yo‘q joydan qayrilib olganini ma’lum qildi. YHXBB xodimlari yetib kelib, uni to‘xtatishgan, biroq u to‘xtamasdan, harakatni davom ettirgan.

«Hujjatim yo‘qligi uchun qochdim. Men o‘sha yerda qarama-qarshi ekanini bilmay qoldim. Yurib qo‘ydim, chiqib qo‘ydim. Noto‘g‘ri harakatlandim, mana, hozir bilyapman. Qilgan ishim noto‘g‘ri», — dedi u.

Huquqbuzarlik sodir etgan J.M.ga nisbatan O‘zbekiston MJtKning 128 prim 5-moddasi 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi), 135-modda (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) va 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudiga taqdim etildi.

Sudya Jahongir Amonovich Mirzayevni 183-modda (mayda bezorilik) va 194-moddaning 1-qismi (ichki ishlar xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)da ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi. Dastlabki ko‘rsatilgan moddaga ko‘ra, u 15 sutkaga, ikkinchisiga ko‘ra, BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan, biroq jazolarni qo‘shib, Lacetti haydovchisi faqat hibsga olingan.