2022 yil 29 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda quyi palata matbuot xizmati.

Unda xalq vakillari Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga Aziz Voitov nomzodini ko‘rib chiqib, ma’qullashdi. U mazkur lavozimda 16 iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga o‘tkazilgan Jamshid Xodjayevning o‘rnini egalladi.

Ma’lumot uchun, Aziz Voitov 1980 yilda tug‘ilgan, Toshkent moliya institutini (2001 yilda) «Soliq va soliqqa tortish» mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan hamda Oliy ishbilarmonlik maktabida (2010 yilda) «Biznes boshqaruvi» bo‘yicha tahsil olgan.

U 2000−2017 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida turli lavozimlarda, 2017−2020 yillarda «O‘zsanoatqurilishbank» ATB boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.

Aziz Voitov 2020 yilning 10 martdan to hozirgi kunga qadar investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.