Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning farmoni bilan O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov hamda tashqi ishlar vaziri v. b. Vladimir Norov Turkmanistonning «Galkinish» («Tiklanish») ordeni bilan taqdirlandi.

Mukofotni 26 avgust kuni Ashxobodda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov topshirdi, deb xabar beradi Turkmaniston TIV sayti. Mukofot «Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari uchun» topshirildi.

O‘z navbatida, Rashid Meredov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Davlat mukofotini Abdulaziz Komilov topshirdi. Davlat rahbarining farmonini Vladimir Norov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, Rashid Meredov «O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini, strategik sherikchilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi» uchun mukofotlandi.

Ikki davlat delegatsiyalari maslahatlashuvlarida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, konsullik-huquqiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli O‘zbekiston — Turkmaniston strategik sherikligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari, shu jumladan, iqtisodiyot, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy tahdid va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish yuzasidan fikr almashinildi, deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

«Maslahatlashuvlar chog‘ida transport va tranzit sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Turkmaniston-O‘zbekiston ishchi guruhi, shuningdek, xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha aralash komissiyaning samarali faoliyati qayd etildi», — deya qayd etildi Turkmaniston TIV xabarida.

«Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini, jumladan, ikki mamlakat fuqarolari manfaatlarini konsullik tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasida kengaytirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini tasdiqladilar», — deyiladi xabarda.