Andijon shahrida fuqaroni xorijga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan soxta tadbirkorlar ushlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Fuqarolar T.A. va J.M. fuqaro A.ga go‘yoki o‘zlarini Toshkent shahridagi xususiy bandlik agentligining viloyat filiali xodimlari sifatida tanishtirgani va 11 000 dollar evaziga Janubiy Koreyada kemasozlik zavodiga ishga kiritib qo‘yishni va’da berganligi aytilmoqda.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchilar oldindan 700 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Agar sud davomida tadbirkorlar aybdor deb topilsa, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.