O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi ko‘p qavatli turar-joy binolari atrofini obodonlashtirishda talon-toroj holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi, deb xabar berdi departament matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, Qarshi shahar Obodonlashtirish boshqarmasi bilan tuzilgan pudrat shartnomasiga asosan «Navo» MFY hududidagi ko‘p qavatli turar-joy binolari atrofini obodonlashtirish «A.B.» MCHJ tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan.

«Mazkur MJCH tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 573,2 mln so‘m mablag‘ni o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish holati aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.