Samarqanddagi KOICA kasb-hunarga o‘qitish markazida elektromobil yaratildi. Ushbu ixtironing o‘ziga xos tomoni uning barcha detallari markaz o‘quvchilari tomonidan yasalganligida, deya xabar beriladi Zamon.uz kanalida.

«Bu elektromobilni talabalarimiz qo‘l mehnati asosida, tokarlik-vint qirqish stanoklari yordamida yasashgan. Quvvatlash uchun hozircha 6−7 soat ketyapti, ammo bu jarayonni takomillashtirib, ulov tepasiga o‘zini o‘zi quvvatlovchi batareya o‘rnatishni rejalashtirmoqdamiz», — deydi markaz o‘qituvchisi Sharofiddin Jumaboyev.

KOICA’ning O‘zbekistondagi loyiha menejeri Leye Sang Seogning so‘zlariga ko‘ra, kasb-hunarga o‘qitishga ixtisoslashtirilgan markaz tomonidan 2017 yilda boshlangan loyihaning 2 qismiga start berilgan. Buning natijasida Samarqandda avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaradigan tajribali mutaxassislar soni ortishi kutilmoqda.

Ma’lumot berilishicha, 2016 yilda tashkil etilgan ushbu markazda bugunga qadar 3 mingga yaqin ishsiz aholi o‘qitilgan.

Markaz haqida

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning dastlabki markazi Vazirlar mahkamasining 2007 yildagi qaroriga muvofiq Toshkentda tashkil etilgan.

Markazlarning asosiy vazifalariga ish bilan vaqtincha band bo‘lmagan aholini, shu jumladan umumta’lim maktablarini, akademik litseylarni tamomlagan va doimiy ishga ega bo‘lmagan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashish kiradi.