20 avgust kuni soat 01:45 larda A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 223-kilometrida Isuzu va ikkita Lacetti ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Namangan viloyati IIB YHXB matbuot xizmati.

Isuzu yuk avtomobilida «Vodiy — Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, o‘zining oldida harakatlanib ketayotgan ikkita Lacetti avtomashinalari bilan to‘qnashib, yo‘lni ikki kismiga ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilgan.


Hodisa oqibatida avtomashinalar texnik shikastlangan. Isuzu avtomobili haydovchisi va yo‘lovchisi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 21 iyul kuni kechasi soat 00:05 atrofida A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 222-kilometrida yoqilg‘i tashuvchi yuk mashinasi va Damas to‘qnashib ketishi oqibatida to‘rt kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.