“Yuksalish” umummilliy harakati shu kunlarda “Mamlakatni uzoq muddat boshqargan lider-reformatorlar” (rus tilida boshqacharoq — “Лидеры-реформаторы и политические долгожители” — Lider-reformatorlar va siyosiy uzoq umr ko‘rganlar) sarlavhasi ostida qiziq bir infografikani e’lon qildi.

“Ularni ayrimlar islohotchilar, iqtisodiy mo‘jizalar me’morlari, ba’zilar esa diktatorlar va konservativ qarashlar tarafdorlari deb atashadi. Lekin barchasi bir jihatda hamfikr — ular hokimiyat tepasiga kelishlari bilan keng ko‘lamli islohotlar yuz berdi, davlat va jamiyatni o‘zgartirish uchun imkoniyatlar yaratdi, mamlakati tarixida yangi sahifalar ochdi”, — deyiladi infografika ostidagi matnda.

“Ular — o‘z davlatining ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojiga zamin yaratgan islohotlar hamda dasturlar tashabbuskorlari bo‘lgan hukumat rahbarlari, prezidentlar, partiya yetakchilaridir. Ular yuqori siyosiy arenada 11 yildan 36 yilgacha qolishgan”, — deya qayd etdi harakat.

Infografika to‘liq holatda quyidagicha ko‘rishga ega:

Infografika haqiqatan ham qiziqarli, chunki unga kiritilgan shaxslarning tarixda qoldirgan iziga har doim ham bir xil baho berib bo‘lmaydi. Infografikaga ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum bir munosabat ham bildirildi.

Masalan, iqtisodchi Botir Qobilov “Yuksalish” islohotchi deya atagan Salazarni uning qo‘li ostidagilar ikki yil davomida aldab, u hanuz hukumat boshlig‘iday o‘zlarini tutganliklari haqidagi hikoyani eslatadi (ushbu voqeani mashhur “Britannica” ensiklopediyasi ham keltirgan). Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev nimaga ro‘yxatga Gitler va Putin kiritilmagani masalasini ko‘targan. Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha esa, ushbu infografikadagi kalit so‘z — “uzoq muddat boshqargan”.

Darhaqiqat, infografikaga kiritilgan siyosatchilarni birlashtiradigan narsa — bu ularning hokimiyat tepasida uzoq vaqt qolganidir. Misol uchun, Buyuk depressiya to‘lqinida 1933-yilda AQShda hokimiyatga kelgan va muhim islohotlarni amalga oshirgan Franklin Ruzvelt ikkinchi jahon urushi oxirigacha hokimiyatda qolib, to‘rt marta oliy davlat lavozimiga saylangan. O‘sha paytda birinchi prezident Jorj Vashington tomonidan o‘rnatilgan ikki muddat haqidagi norasmiy qoida hali Konstitutsiyada rasmiy ravishda belgilanmagan edi. Biroq, mazkur norasmiy qoidani buzgan Ruzveltning harakatlari Konstitutsiyaga 22-o‘zgartirish kiritilishiga sabab bo‘ldi va u 1951 yildan kuchga kirdi — mazkur o‘zgartirish ayni shaxsning davlat rahbari lavozimiga ikki martadan ortiq saylanishini taqiqlaydi.

Ro‘yxatda keltirilgan “mamlakatni uzoq muddat boshqargan” Javoharlal Neru, Indira Gandi, Margaret Tetcher, Angela Merkel parlament boshqaruvi shakliga ega mamlakatlarda hukumat rahbarlari bo‘lgan. Bunday mamlakatlarda, qoida tariqasida, parlamentda ko‘pchilik ovozga ega bo‘lgan partiya yoki koalitsiya rahbari hukumat rahbariga aylanadi. Parlament monarxiyalari yoki respublikalarining Konstitutsiyalari odatda hukumat rahbarlari uchun muddatlar soniga cheklovlar qo‘ymaydi, chunki parlament tomonidan hukumatni nazorat qilish mexanizmlari hokimiyatning bir shaxs qo‘lida jamlanishini istisno qiladi. Hukumat parlament oldida to‘liq hisobdor va ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlovi yoki ishonchini yo‘qotganda iste’foga chiqadi.

Masalan, xuddi o‘shu Margaret Tetcher, Buyuk Britaniyaning bosh vaziri sifatida uchinchi muddatini yakunlay olmadi va parlamentda ko‘pchilikning ovozini yo‘qotganligi sababli iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Angela Merkelning Germaniyadagi barcha kabinetlari koalitsion bo‘lib, bir qancha partiyalar a’zolarini o‘z ichiga qamrab olgandi.

Shunisi e’tiborga molikki, Indira Gandining Hindistondagi birinchi bosh vazirligi butun mamlakat bo‘ylab hukumatga qarshi namoyishlar va muxolifatni bostirish uchun favqulodda holat joriy etilishi bilan yakunlandi. Gandining bu harakatlarini ayrimlar “demokratiyani o‘ldirish” va “diktaturaning fashistik turi” deb ta’riflashgandi. Biroq, bu choralar Gandi va uning partiyasini keyingi saylovlardagi mag‘lubiyatdan qutqarib qololmadi.

Umuman olganda, islohotlariga umid bog‘lanadigan rahbarlarning hokimiyatda uzoq vaqt qolishi umidsizlik va norozilik bilan tugashiga tarixda ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Misol uchun, “yangicha tafakkurga asos solgan” (“Yuksalish” ta’rifiga ko‘ra) Den Syaopin nafaqat “Xitoy xususiyatlariga xos sotsializm” tamoyili, balki, Tyananmen maydonidagi namoyishlarni shafqatsizlarcha bostirishi bilan ham taniqli. Namoyishchilarning shiorlaridan biri quyidagicha edi: “Sotqin amaldorlar yo‘qolsin”. Xitoyshunoslar Garvard universitetidan Jon Ferbenk va Boston universitetidan Merl Goldman o‘zlarining “Xitoy: Yangi tarix” kitobida qayd etishlaricha, “Xitoyning iqtisodiy o‘sishiga turtki bo‘lgan bozor islohotlari asosiy siyosiy islohotlar bilan birga olib borilmaganligi sababli, ular misli ko‘rilmagan korrupsiya va ijtimoiy tengsizlikka olib keldi”.

“Yuksalish” harakati mamlakatni uzoq muddat boshqargan ayrim siyosatchilarni “islohotchilar” qatoriga kiritgani ham savollarni tug‘diradi. Misol uchun, infografika mualliflari Antoniu di Salazarni ““Yangi davlat"ning bosh me’mori, mafkurachisi va rahbari” deb atab, uning “yangi davlati” mohiyatan fashizm mafkurasining kuchli ta’siri ostida shakllangan diktatura ekanligini eslatib o‘tishni yoddan chiqarishgan. Ular, shuningdek, Salazar tomonidan o‘z rejimining muxoliflari uchun yaratilgan va “sekin o‘lim lageri” nomini olgan Tarrafal konslagerini ham unutishgan ko‘rinadi.

Tadqiqotchi Jak Jorjel o‘zining “Salazarizm” nomli kitobida shunday deb yozadi: “Portugaliya rejimi… totalitar, politsiyaga asoslangan, anti-liberal, anti-demokratik, anti-parlamentar, raqiblariga nafrat bilan qaraydigan va ularni jismonan yo‘q qilishga harakat qiladigan rejim edi. Bu hokimiyatni sevuvchi, qirq yil yolg‘iz yashagan, o‘z mamlakati va xalqini halokatga olib borgan mayda odam boshqaruvidagi fashizm edi”.

Ro‘yxatga kiritilgan boshqa yana bir munozarali lider — harbiy to‘ntarish ortidan hokimiyat tepasiga kelgan va keyinchalik prezident etib saylangan Pak Chon Xi bo‘ladi. U Konstitutsiyani cheklab o‘tib, uchinchi muddatga qolishga muvaffaq bo‘ldi, bu vaqt ichida mamlakat amalda diktaturaga aylandi hamda bu ommaviy tartibsizliklar va Pak Chon Xining o‘ldirilishi bilan yakunlandi. Uning o‘limidan so‘ng, The Washington Post gazetasida nashr etilgan “Pak merosi: farovonlik va qo‘rquv” nomli maqola mualliflari shunday deb yozadi: “So‘nggi yillarda paranoya belgilari paydo bo‘ldi. Prezident saroyi — Moviy uydan yarim mil uzoqlikdagi mehmonxona derazalari prezident qayerda yashaganini ko‘rishga urinadigan har kimning harakatiga to‘sqinlik qilish uchun berkitib tashlangan edi. U jamoat oldida paydo bo‘lganida esa, mehmonlar uning kelishidan bir soat oldin o‘z joylarini egallashlari shart edi”.

Umuman olganda mamlakatni uzoq muddat boshqarganlar merosini tahlil qila turib, bu meros nafaqat “katta o‘zgarish” va “tarixdagi yangi sahifa"ga, balki mutlaq kutilmagan oqibatlarga ham olib kelishi mumkinligini ko‘rish mumkin. Qarorlarni qabul qilishdagi muvozanat, vakolatlarning taqsimlanishi, tiyib turish va muvozanat tizimi hamda hokimiyatning almashib turishi, ehtimol, davlat va jamiyat barqarorligini shaxsiy avtokratiyaga qaraganda yaxshiroq kafolatlaydi, bu avtokratiya qanchalik yaxshi niyat bilan boshqarilmasin.

Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.