Prezident 17 avgust kuni «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi [O‘RQ-790-son] qonunni imzoladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Qonun bilan favqulodda vaziyatlar ro‘y berish manbaiga qarab tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlar hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga bo‘linishi belgilandi.

Hujjatda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi FVV hisoblanishi qayd etilgan.

Shuningdek, favqulodda vaziyatlar zonalarida ishlagan fuqarolarga bepul tibbiy xizmat, kompensatsiyalar va boshqa imtiyozlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Qonunda prognoz qilingan yoki ro‘y bergan favqulodda vaziyatning ko‘lami va holatiga qarab muayyan hududda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimining quyidagi rejimlar o‘rnatiladi:

  • kundalik rejim — muayyan hududda, obyektda favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfi mavjud bo‘lmaganda;
  • yuqori tayyorgarlik rejimi — favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfi mavjud bo‘lganda;
  • favqulodda vaziyat rejimi — favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda va favqulodda vaziyatlar davrida.

Hujjat bilan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga oid axborotni yashirish, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki bila turib yolg‘on axborot taqdim etish taqiqlanishi belgilandi.

Bundan tashqari, davlat tomonidan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish holati, aholining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, prognoz qilinayotgan yoki ro‘y bergan favqulodda vaziyatlar, ulardan muhofazalanish usullari to‘g‘risida OAV orqali aholi o‘z vaqtida va ishonchli xabardor qilinishi shart etib belgilandi.

Shuningdek, favqulodda vaziyatlarni e’lon qilish mahalliy miqyosdagi favqulodda vaziyatlarda — hokimlarning tegishli qarorlari bilan, respublika miqyosidagi va transchegaraviy favqulodda vaziyatlarda — hukumat qarori bilan amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Avvalroq, Senatning 28-yalpi majlisida ma’qullangan mazkur qonun bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, uning oqibatlarini bartaraf etish, moliyaviy va moddiy resurslar ajratish tartibi belgilab berilgani haqida xabar berilgan edi.