O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati «Gazeta.uz»ning Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarda hibsga olinganlarning advokatlari parlament komissiyasiga tergov harakatlari vaqtida qiynoqlarga yo‘l qo‘yilgani haqidagi xabariga raddiya berdi.

Ombudsman idorasi avvalroq e’lon qilgan xabarda quyidagi matn keltirilgan edi: «Qoraqalpog‘istondagi voqea va holatlar bo‘yicha olib borilayotgan tergov harakatlari haqida advokatlarning fikrlari o‘rganildi. Xususan, tergov hibsxonasida himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashish bo‘yicha to‘sqinlik qilish, ushlab turilgan shaxslarga yaqin qarindoshlari tomonidan yo‘qlovlar kiritish holatlari, tergov harakatlari davomida qiynoqqa yo‘l qo‘yish holatlari bo‘yicha himoya ostidagilar xususida ma’lumot olindi».

Matbuot xizmati komissiyaning o‘rganish jarayonida aniqlagan faktlari faqatgina komissiyaning yakuniy xulosasida aks etishi, ungacha oshkor etilmasligini takrorladi.

«Olingan ma’lumotlar oshkor etilmayapti. Chunki ular qayta tekshiriladi, keltirilgan raqamlarning asoslantirilgani o‘rganiladi», — deya qayd etdi ombudsman idorasi.

«Eslatib o‘tamiz, yolg‘on va noxolis axborot tarqatish aholi va fuqarolar o‘rtasida ishonchsizlik va umidsizlik kayfiyatini yuzaga kelishiga sabab bo‘lishim mumkin», — deyiladi xabarda.