O‘zbekiston Transport vazirligi «Hududlarda yo‘lovchi tashish tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etdi.Muhokamalar 25 avgustga qadar davom etadi.

Hujjatga muvofiq, hududlarni jamoat transporti bilan to‘liq qoplash uchun 4969 ta avtobus va 3400 ta mikroavtobus yetishmaydi hamda mavjud avtopark 60 foizga eskirgan. Loyiha doirasida 2022−2026 yillarda 3000 ta avtobus va 2000 ta mikroavtobus xarid qilish, shuningdek, 278 ta yangi avtobus yo‘nalishlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Banklar tomonidan tadbirkorlarga avtotransport vositalari sotib olish uchun besh yil muddatga, shu jumladan, bir yilgacha imtiyozli davrga kredit berish taklif etilmoqda. Kredit foizlarining Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo‘lgan qismi 2022 yilda mahalliy budjetlarning orttirib bajarilgan qismidan to‘lab beriladi, 2023 yildan boshlab zarur mablag‘lar mahalliy budjet parametrlarida ko‘zda tutiladi

Avtobus va mikroavtobuslar sotib olish dasturiga asosan ajratilayotgan kreditlar tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga 1 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 5 yil muddatga taqdim etiladi.

81 ta avtovokzal va avtostansiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Loyiha qiymati 97 mlrd so‘mga baholangan bo‘lib, shundan 55 mlrd so‘mi tadbirkorlar mablag‘lari, 42 mlrd so‘mi bank kreditlaridir.

Yangi avtovokzallar qurish uchun yer uchastkalari tadbirkorlarga onlayn auksionlar yakunlari bo‘yicha ajratilishi mumkin. Loyihada avtovokzallar uchun yer va mol-mulk solig‘ini o‘rnatilgan stavkaning 1 foizi miqdorida belgilash taklif etilmoqda.

Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda Toshkent va Samarqand shaharlarida ishlab chiqilgan jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari asosida Nukus shahri va viloyat markazlarida jamoat transportini rivojlantirish rejalari ishlab chiqiladi.

Loyihada har yili kamida bir marta shahar avtobus yo‘nalishlarida qo‘llanilayotgan yo‘l kira tariflarini amaldagi haqiqiy xarajatlardan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Mahalliy budjetlar parametrlari shakllantirilayotganda shahar yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashish natijasida tashuvchilari ko‘radigan zararlarni qoplash uchun mablag‘lar ko‘zda tutiladi va ushbu mablag‘lar tashuvchilarga belgilangan tartibda to‘lab beriladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlari faoliyati samaradorligini baholashda hududdagi avtobus yo‘nalishlari tarmog‘i, avtobuslar soni, jamoat transporti va infratuzilmasi sifati, bajarilgan ish hajmlari, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar kabi ko‘rsatkichlarni e’tiborga olish taklif etilmoqda.

2023 yil 1 yanvardan boshlab yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari funksiyasiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘lish taklif qilinmoqda:

  • shahar yo‘nalishlari — magistral, bog‘lovchi, halqa va yetkazib beruvchi yo‘nalishlarga;
  • shahar atrofi yo‘nalishlari — magistral, bog‘lovchi va yetkazib beruvchi yo‘nalishlarga;
  • shaharlararo yo‘nalishlar — magistral va bog‘lovchi yo‘nalishlarga.

2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha avtovokzal va avtostansiyalarda shaharlararo va xalqaro avtobus yo‘nalishlari bo‘yicha yagona elektron onlayn chipta sotish tizimi joriy etiladi. Transport vazirligi avtovokzal va avtostansiyalardagi jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish va «onlayn» monitoring qilish maqsadida joriy yil yakuniga qadar «Ye-Vokzal» elektron platformasini ishga tushirishi lozim.

Avvalroq prezident qarori bilan 2025 yilgacha Toshkentdagi jamoat transportining harakatlanish oraliq vaqtini ikki barobarga kamaytirish, qolaversa, 1063 ta avtobus va 673 ta elektrobus xarid qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.