16 avgust kuni soat 13:50da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 1947 yilda tug‘ilgan fuqaro to‘rt nabirasi bilan tog‘da adashib qolgani haqida xabar kelib tushdi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Aniqlanishicha, 15 avgust kuni ushbu guruh Bo‘stonliq tumanidagi tog‘larga yurishga chiqqan, biroq qoyalardan oshib o‘ta olishmagan, pastga ham tusholmay qolishgan.

Chimyon yong‘in-qutqaruv otryadining 10 nafar mutaxassisi zudlik bilan qidiruv-qutqaruv ishlariga kirishdi. Qidiruv deyarli to‘rt soat davom etdi, nihoyat bobo va nabiralar Mozorsoy va Teshiktosh tog‘lari hududida, eng yaqin aholi punktidan 15 km uzoqlikda topildi.

Qutqaruvchilar ularga cho‘qqidan tushishga yordam berib, psixologik yordam ko‘rsatdi. Hech kim shikastlangani yo‘q.