15 avgust kuni Prezident tomonidan «Imom Buxoriy» ordenini ta’sis etish to‘g‘risidagi [O‘RQ-789-son] Qonun imzolandi.

Qonunga muvofiq, orden ikki darajadan iborat bo‘ladi: «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni hamda «Imom Buxoriy» ordeni.

«Oliy darajali Imom Buxoriy» bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom ma’rifati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishganligi uchun:

  • xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;
  • xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;
  • xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari, shuningdek xorijiy arboblar va olimlar;
  • mamlakatimizning atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, atoqli olimlar, adiblar, pedagoglar va ilmiy tadqiqotchilar mukofotlanadi.

«Imom Buxoriy» ordeni bilan esa:

  • ulug‘ allomalar ilmiy merosini chuqur o‘rganib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari;
  • yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarni o‘zida ifoda etgan tarixiy merosimizni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashdagi samarali mehnati;
  • mamlakatdagi diniy-ijtimoiy jarayonlar hamda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash masalalarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazishdagi faoliyati;
  • «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan g‘arazli tahdid va harakatlarning oldini olish, bunday xatarlarga qarshi kurashishning ilmiy-ma’rifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qo‘llash borasidagi xizmatlari;
  • islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan, xalqimiz ma’naviyati va madaniyati rivojida tutgan o‘rni hamda ahamiyatini o‘rganib, ularning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etishdagi katta xizmatlari uchun mukofotlanadi.

Orden bilan ilm-ma’rifatni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun boshqa shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

«Huquqiy axborot» kanalida xabar berilishicha, Oliy Darajali Imom Buxoriy" ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga BHMning 70 baravari (21 mln so‘m), «Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga esa BHMning 50 baravari (15 mln so‘m) miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi.