2023 yil 1 yanvardan yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarni chiqindi to‘plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi. Adliya vazirligining xabar berishicha, bu O‘zbekiston prezidentining 11 avgustdagi farmonida o‘z aksini topgan.

Bundan tashqari, hujjatga asosan 1 noyabrgacha qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi va «Xorijga chiqish pasporti» axborot tizimi bilan integratsiya qilinishi ta’minlanadi. Ya’ni, ushbu xizmatdan qarzdorligi bor fuqarolarga xorijga chiqishi taqiqlanishi mumkin.

Shu bilan birga, 2023 yil 1 yanvargacha aholini uning qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi haqida foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni yuritish billing tizimi orqali xabardor qilish tizimi joriy etiladi.

Qo‘shimcha ravishda, 1 oktabrgacha aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlarni barcha mavjud to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.