O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishbilarmon doiralar vakillari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi 20 avgust kuni emas, balki 22 avgustda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda dushanba kungi brifingda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Bu shu tartibdagi ikkinchi uchrashuv bo‘ladi. Ilk uchrashuv o‘tgan yilning 20 avgustida o‘tkazilgandi. Shundan so‘ng, 20 avgust Tadbirkorlar kuni etib belgilandi. Prezident har yili shu tartibda uchrashuvlar o‘tkazishini e’lon qildi.

Muloqot chog‘ida tadbirkorlik sohasidagi muammolar va vazifalar muhokama qilinishi kutilmoqda. Iyul oxiriga qadar tadbirkorlarning murojaatlari qabul qilindi. Sherzod Asadovning ta’kidlashicha, uchrashuvga tadbirkorlardan respublika shtabiga qariyb 8,5 mingta murojaat kelib tushgan. Ularning 72 foizi allaqachon hal etilgan.

O‘tgan yili muloqotga tayyorgarlik jarayonida 15 mingdan ortiq savol va takliflar kelib tushgandi. Ular yetti yo‘nalishda tizimlashtirildi, shundan so‘ng aniqlangan muammolar yuzasidan bir qator prezident qarorlari qabul qilindi.