Magic City parki ma’muriyati “Gazeta.uz” va boshqa OAV tomonidan Milliy gvardiyaga tayanib e’lon qilingan bog‘da pichoqbozlik sodir bo‘lgani haqidagi xabarga raddiya berdi.

“Bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, dedi park ma’muriyati.

Unda aytilishicha, 6 avgust kuni kechqurun bog‘da ishlayotgan fotosuratchi bilan bog‘ga tashrif buyurgan 20 yoshli Sh. D. o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Og‘zaki janjal mehmonning tahdidlariga aylangan. U pichoq chiqarib, fotosuratchiga o‘qtalishni boshlagan.

“Sh.D.ning qo‘lida pichoq borligini ko‘rgach, u darhol yaqin joyda turgan [Milliy gvardiya] xodimlari oldiga borib, ularga mehmonning qo‘lida pichoq borligini aytgan va yordam so‘ragan. Qo‘riqchilar zudlik bilan Sh. D.ni qo‘lga olishdi va uni eng yaqin bo‘limga olib borishdi”, — deyiladi Magic City ma’muriyati bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy gvardiya bog‘da ikki fotosuratchi o‘rtasida janjal kelib chiqqani va pichoq o‘qtalingani haqida xabar bergan edi. Buni Google keshida saqlangan yangilikning arxivlangan versiyasi ham tasdiqlaydi.

Milliy gvardiya keyinroq saytidagi ma’lumotlar yangilandi. Unda ikki fotosuratchi o‘rtasidagi og‘zaki janjal mushtlashuvga aylangani, “oqibatda 20 yoshli Sh. D. raqibi 25 yoshli X.K.ga shikast yetkazmoqchi bo‘lganligi” aytiladi.