«Maroqand neft bazasi»ning ikki filialida jiddiy moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlandi, deya xabar berdi «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi matbuot xizmati.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Bulung‘ur filialida jami 22,1 mlrd so‘mlik 2 612,9 tonna neft mahsulotlari kamomadiga yo‘l qo‘yilgani va katta miqdorda talon-toroj qilingani aniqlandi. Jumladan:

  • 2 382,1 tonna Ai-80 avtobenzinidan 18,3 mlrd so‘mlik;
  • 44,1 tonna EKO markali dizel yoqilg‘isidan 705,8 mln so‘mlik;
  • 111,6 tonna TDL-05 markali dizel yonilg‘isidan 1,7 mlrd so‘mlik;
  • 75,1 tonna TD-K5 yevro markali dizel yoqilg‘isidan 1,3 mlrd so‘mlik.

Jomboy filialida esa jami 4441,2 tonna 51,6 mlrd so‘mlik neft mahsulotlari kamomadi aniqlandi. Jumladan:

  • 2341,7 tonna Ai-80 avtobenzini 18,0 mlrd so‘mlik;
  • 4,6 tonna YeVRO K-5 dizel yonilg‘isi 81,7 mln so‘mlik;
  • 92,3 tonna dizel yonilg‘isi 1,5 mlrd so‘mlik;
  • 2002,5 tonna EKO dizel yonilg‘isi 32,0 mlrd so‘mlik.

Shunday qilib, «Maroqand neft bazasi»ning ikki filialida jami 73,7 mlrd so‘mlik 7054,1 tonna neft mahsulotlari kamomadi aniqlangan.

Mazkur holatlarga huquqiy baho berish va kamomadlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Davlat xavfsizlik xizmatiga taqdim etildi, deyiladi xabarda.

Aniqlanishicha, 7 ta vertikal po‘lat sig‘imlarga (RVS) qasddan texnik o‘zgartirish kiritish va qo‘lbola usulda sig‘im ichiga temir quvur joylashtirish natijasida 21,4 mlrd so‘mlik 2 573,5 tonna neft mahsulotlari kamomadiga yo‘l qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil sentabr oyida ham «Maroqand neft bazasi»da neft mahsulotlarini o‘g‘irlash va noqonuniy sotish holatlari aniqlangan edi. Shundan so‘ng, 11 nafar xodim ishdan bo‘shatilgan.