Tojikiston bojxona xizmatining xabar berishicha, o‘tgan 6 oy davr mobaynida O‘zbekiston Tojikiston paxtasiga bo‘lgan talabni oshirgan. Bunga iqtisodchi Otabek Bakirov e’tibor qaratdi.

Tojikiston bojxona xizmatiga tayanib, Asia-Plus nashri xabar berishicha, birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga 17,3 mln dollarlik 6,6 ming tonna paxta eksport qilingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,3 barobar ko‘p.

Paxta eksporti hajmi qo‘shnilarning O‘zbekistonga eksport tovarlari orasida elektr energiyasi (12,2 mln dollar) va sement (14,1 mln dollar)ni ham ortda qoldirgan.

6 oy ichida Tojikistonning O‘zbekistonga jami eksporti 96 mln dollarni, importi esa 189 mln dollarni tashkil etgan.

Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikistondan 78,7 mln dollarlik import amalga oshirilgan, eksport esa 211 mln dollarni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, 2018 yilda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan O‘zbekiston 2025 yilgacha paxta tolasi eksport qilishni to‘xtatishi to‘g‘risidagi rejalar taqdim etilgandi. Unga muvofiq, mamlakatda ekportni qisqartirish o‘rniga to‘qimachilik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va ishlab chiqarish uchun klasterlar tashkil etish maqsad qilingan.

Mos ravishda, davlat rahbarining [PF-14-son] farmoni tasdiqlanib, paxta-to‘qimachilik klasterlarining maqsad va vazifalari belgilab berilgandi. Shuningdek, Cotton Campaign tashkiloti tomonidan boykotning bekor qilinishi orqali o‘zbek paxtasining eksport hajmi yaqin 4−5 yil ichida 50 mlrd dollarga yetkazilishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi uchun imkon yaratadi.