10 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ipoteka markazi ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu xaqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2022 yilda ipoteka kreditlari uchun tijorat banklariga budjetdan 13 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Lekin olti oyda aholiga bu mablag‘larning 30 foizi berilgan.

Prezident 7 iyul kuni ipoteka kreditlarini ajratishda byurokratiyani kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berib, 1 sentabrga qadar aholiga har tomonlama xizmat ko‘rsatadigan ipoteka markazlarini tashkil etishni topshirdi.

Birinchi marta qurilgan markazda ipoteka bozoridagi takliflar umumlashgan va shaffof tizim bor. Tashrif buyuruvchilarga Toshkent shahrida qurilayotgan uylar, ularga xizmat ko‘rsatadigan banklar, ipoteka kreditlari shartlari haqida batafsil ma’lumotlar beriladi.

Oldi-sotdi, garov va ipoteka krediti shartnomalarini rasmiylashtirish tartibi, uy-joyga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalarida ham yordamlashiladi. Muhimi, barcha xizmatlar bir joyda ko‘rsatiladi.

«Xalq turmushini yaxshilash uchun qancha qarorlar chiqayapti, qulayliklar yaratilyapti. Lekin ko‘pchilik bundan to‘la xabardor emas. Bilganlar ham qayerga borishni bilmay, ovora bo‘ladi. Bu markaz uy olishni istaganlarga kompleks xizmat ko‘rsatib, og‘irini yengil qiladi. Endi markazning elektron platformalarini rivojlantirib, odamlarga yanada qulaylik yaratish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Keltirilishicha, markazda qurilish va developer kompaniyalar o‘z ofislarini tashkil etgan. Xaridorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek, davlat rahbari minglab odamlar tomorqa uchun ipotekadan foydalana olmayotganiga e’tibor qaratib, mutasaddilarga tomorqa ipotekasini joriy qilish kerakligini aytdi.

«Tomorqa ipotekasini joriy qilish kerak. Tomorqa ipotekasi bu xalq ipotekasi bo‘ladi», — dedi prezident.

Ma’lumot uchun, PMTI olib borgan tahlil natijalariga ko‘ra, joriy yilning 6 oyi davomida davlat dasturlari doirasida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari uy-joy bozorida faollikning saqlanib qolishiga katta xizmat qilgan.