Iyul oyi boshidan tarmoqlarda ba’zi metro bekatlari kirishlarida yana ichki ishlar organlari xodimlari paydo bo‘lgani haqidagi xabarlar e’lon qilina boshladi.

Ko‘p yillar davomida qaysi mavsum bo‘lishidan qat’i nazar, metroda yo‘lovchilar, hatto shunchaki yer osti o‘tish joyiga tushganlar ham taqiqlangan narsalar bor-yo‘qligi uchun tekshirilgan. 2018 yilning kuzida bu amaliyotdan voz kechildi. Shu bilan birga, turniketlar oldidagi stansiyalar ichidagi tekshiruv saqlanib qoldi. O‘shanda yuqori va quyi tekshiruvlarning takrorlanishiga barham berish maqsadida metroga tashqi kirish joylaridagi ichki ishlar xodimlari bosqichma-bosqich texnik himoya vositalariga (kuzatuv kameralari, radioaloqa va signalizatsiya) almashtirilishi ma’lum qilingan edi.

Ichki ishlar vazirligi Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi (MXTB) boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Anvar Hasanov «Gazeta.uz» bilan suhbatda xodimlarning qaytish sabablari haqida gapirdi. U buning bayram oldidan «usileniye» va Nukusda sodir bo‘lgan voqealar bilan bog‘liqligini inkor etdi

«Buyuk Ipak yo‘li» metro bekatiga kirish. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari boshqarma Toshkent shahar IIB tarkibiga kirgan. Xodimlar Davlat xavfsizlik xizmati, Qo‘riqlash boshqarmasi va Patrul-post xizmati tuzilmalari bilan birgalikda navbatchilik qilishgan, chunki boshqarmaning shaxsiy tarkibi metroning barcha nuqtalarini to‘liq qamrab olish uchun yetarli bo‘lmagan.

Xavfsizlik bo‘limi va YHXB xodimlari tomonidan o‘g‘rilik, talonchilik, bezorilik va boshqa jinoyatlarning oldini olish maqsadida metro o‘tish joylari va tashqi kirish joylarida navbatchilik tashkil etildi. Shuningdek, ular avtomobil haydovchilarining metro kirishlarida mashinalarini qoldirmasliklarini ham nazorat qilishdi.

2019 yilda Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi Ichki ishlar vazirligiga, Qo‘riqlash boshqarmasi esa Milliy gvardiyaga o‘tkazildi, natijada shaxsiy tarkib va shtatlar qisqardi. Bundan tashqari, 14 ta yangi metro bekati foydalanishga topshirildi.

«Shu sabablarga ko‘ra, Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi vaqtinchalik xodimlarning tashqi kirish joylaridagi navbatchiliklarini ta’minlay olmadi… Shu kungacha bo‘limimizga prezidentning yangi qarori bilan shart-sharoit yaratildi, qo‘shimcha shtatlar ajratildi. Shundan so‘ng biz metroga kiraverishdagi postlarni tiklay boshladik», — dedi Anvar Hasanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iyul oyida 8−9 stansiyada birinchi tashqi postlar paydo bo‘lgan, biroq xodimlarning asosiy qismi tegishli tayyorgarlikdan o‘tib, avgust oyining boshidan ishga tushirilgan.

«Bundan asosiy maqsad metro xizmatlaridan foydalanayotgan yo‘lovchilarning manziliga eson-omon yetib borishi, safar davomida to‘liq xavfsizligini ta’minlashdan iborat», — dedi u.

«Buyuk Ipak yo‘li» metro bekatiga kirish. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Yuqori va pastdagi tekshiruvlar davomida IIO xodimlari barcha yo‘lovchilarni jismonan tekshirishga ulgurmasligi mumkin, ammo profayling (shaxsning psixologik portretini tuzish va niyatlarining samimiyligini aniqlash usullari to‘plami) tufayli shu kunlarda bir qancha jinoyatlar fosh etildi, dedi MXTB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

Anvar Hasanov situatsion-tahlil markazini tashkil etish, «aqlli» videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, xodimlarni planshetlar va zamonaviy radioaloqa vositalari bilan ta’minlash rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizimlar joriy etilgandan keyin ham o‘tish davrida xodimlar kerak bo‘ladi, chunki «xodimlar qila oladigan ishni kameralar qila olmaydi». Ular o‘tish joylarini qo‘riqlashi, turli jinoyatlar, jumladan, cho‘ntakkesarlikning oldini olishi kutilmoqda.

«Kamera shunchaki kuzatadi. Turli holatlar, masalan, jinoyatchilarni ushlab turish, fuqarolarga yordam ko‘rsatish yoki odamlar o‘rtasida nizo kelib chiqishining oldini olish kabi holatlar mavjud», — dedi u.