O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari joriy yil 24 avgust kuni tugayotgan 6 nafar sudyasining o‘rniga nomzodlar yuzasidan Oliy Majlis Senatiga taqdimnomalar kiritdi.

Ushbu nomzodlar:

  • Balkibayeva Janagul Ismaylovna;
  • Gafurov Askarjon Boyisovich;
  • Davletova Karomatjon Xudaybergenovna;
  • Ismaylov Raxat Aminbayevich;
  • Raximov Abdumannob Kuziyevich;
  • Raxmanov Akmal Ergashevich.

Ular Senat tomonidan saylangan taqdirda, o‘z vakolatlariga 24 avgust kunidan boshlab kirishadi.

Bundan tashqari, prezident o‘z taqdimnomasi bilan Konstitutsiyaviy sud sudyasi vakant lavozimiga O‘zbekiston Oliy sudi raisi lavozimini egallab kelgan Komilov Kozimjon Fazilovichning nomzodini taklif etdi. U mazkur lavozimni 2017 yilda egallagan va 2022 yilning 13 iyulida qayta tayinlangandi.

Baxtiyor Islomov.

Shuningdek, davlat rahbari o‘z taqdimnomasi bilan Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Islomov Baxtiyor Jahongirovichning nomzodini O‘zbekiston Oliy sudi raisi lavozimiga ko‘rib chiqish uchun Senatga kiritdi. U 2021 yilning noyabr oyi o‘rtalarida prezident maslahatchisi lavozimida Rustam Inoyatovning o‘rnini egallagandi.