Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani «Navkent» mahallasi hududidagi «O‘rdatepa» arxeologik yodgorligi vayron qilindi, deb xabar berdi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmati organlari arxeologiya yodgorligining 0,03 gektar qismi fuqaro J. U. tomonidan hamda 0,02 gektar qismi fuqaro A. Yu. tomonidan maxsus texnika yordamida buzib tashlanib, o‘rniga o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurilgan.

Oqibatda tarixiy yodgorlikkka qariyb 72 mlrd so‘mlik jiddiy zarar yetkazilgani aniqlandi. Tekshirish natijasiga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Bundan bir necha kun muqaddam xuddi shu tuman mas’ul xodimlari «Gaistontepa» arxeologiya yodgorligi hududini uy-joy qurish uchun noqonuniy ravishda ajratib bergani, ikki yil ichida moddiy madaniy meros obyekti butunlay vayron bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu madaniy meros obyektiga yetkazilgan zarar 80 mlrd so‘mga baholanmoqda.