O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chennayda (Hindiston) o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasida tarixiy g‘alabaga erishgan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasini telefon orqali tabrikladi. Davlat rahbari matbuot xizmati suhbat videosini e’lon qildi.

Prezident so‘nggi turda Gollandiya bilan hal qiluvchi o‘yinda milliy terma jamoaga g‘alaba keltirgan Jahongir Vohidov telefonda suhbatlashdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zi va O‘zbekiston xalqi nomidan shaxmatchilarni g‘alaba bilan tabrikladi.

«Tariximizda juda katta iz qoldirdingiz va o‘zbek millati nimalarga qodir ekanligini yana bir marta namoyon etdingizlar. Men juda xursandman, kayfiyatimga kayfiyat [qo‘shildi]. Butun xalqimiz sizlarni olqishlamoqda. O‘zbekistonda bugun katta bayram», — dedi prezident.

Jahongir Vohidov g‘alaba negizida mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar yotganini ta’kidladi.

«Kelajakda ham shunday yorqin natijalarni ko‘rsatishga harakat qilamiz», — dedi u.

Prezident o‘zbekistonliklarning kuchli jamoalar ustidan qozongan g‘alabalarini ta’kidlab, Gollandiya ustidan erishilgan g‘alabani ko‘rib qoyil qolganini e’tirof etdi.

Davlat rahbari, shuningdek, O‘zbekiston 2026 yilgi shaxmat Olimpiadasi o‘tkaziladigan joy sifatida bir ovozdan tanlanganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mas’ul rahbarlar hozirdanoq tayyorgarlikni boshlaydi.

«Lekin tayyorgarlikni sizlar boshlab berdingizlar. Butun jahon qoyil qoldiki, O‘zbekistonga kelishdan oldin ular ham katta tayyorgarlik ko‘rishadi. Lekin biz undan ham yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev 162 jamoa orasida 31-o‘rinni egallagan O‘zbekiston ayollar terma jamoasiga, shuningdek, jamoa murabbiylariga ham minnatdorchilik bildirdi.