«Zamin» fondining «Buxoro viloyati umumta’lim maktablarida suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena» loyihasi doirasida viloyatning Peshku va Jondor tumanlaridagi yana beshta maktab va unga tutash hududlar toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, deya xabar berdi fond matbuot xizmati.

Loyiha Xalq ta’limi vazirligi va «O‘zsuvta’minot» kompaniyasi ko‘magida amalga oshirildi.


Peshku tumanidagi 6-, 32-, 34-sonli va Jondor tumanidagi 20-, 21-sonli maktablarda quduqlardan suv bilan ta’minlash, suvni filtrlash va xavfsiz ichimlik suvi darajasigacha chuchuklashtirish tizimlari o‘rnatildi.

Shuningdek, tashqi va ichki suv ta’minoti va kanalizatsiya muhandislik tarmoqlari, hojatxona va dush xonalari qurildi.

Lokal biologik tozalash tizimlari yaratilgani tufayli maktablardagi oqova suvlar tuproq va yer osti suvlar uchun xavfsiz bo‘lgan sug‘orish suvi darajasigacha tozalanadi, deyiladi xabarda.

Avvalroq, «Zamin» fondi G‘ijduvonda ham beshta maktabni ichimlik suvi bilan ta’minlangani haqida yozgandik.