Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) internet va mobil aloqaning rivojlanishi O‘zbekistonda ishsizlik darajasini kamaytirishga hissa qo‘shganini yuqori baholadi. O‘rganish natijalari institut matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

O‘tgan yilning kuzida Garvard biznes maktabi rahbarligida internetning iqtisodiy ta’siri bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, 2020 yilda AQShda 17 mlndan ortiq ish o‘rni tijorat internet korxonalari orqali yaratilgan, bu 2016 yilga nisbatan 7 mln taga ko‘p. Shu bilan birga, kichik korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar internetdagi eng yirik internet kompaniyalariga qaraganda ko‘proq ish o‘rinlarini yaratishi ma’lum bo‘ldi — 38% va 34%.

McKinsey xalqaro konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, raqamlashtirishni rivojlantirish ta’siri ostida ishlarning bir qismi o‘z ahamiyatini yo‘qotib, ular o‘rni bosqichma-bosqich yangi kasblar bilan almashmoqda. Shu bilan birga, internet maydoni ko‘proq yangi kasblar va ish o‘rinlarini yaratmoqda. Masalan, Fransiyada so‘nggi 15 yil ichida internet va elektron tijoratning rivojlanishi natijasida 500 ming ish o‘rniga talab yo‘qolgan, 1,2 mln yangi ish o‘rni yaratilgan. Shunday qilib, o‘sish koeffitsiyenti 2,4 ni tashkil etgan, ya’ni talab yo‘qolgan bitta ish joyi o‘rniga 2,4 ta yangisi yaratilgan.

AKTning rivojlanishi ishsizlik darajasiga yana bir vosita orqali ta’sir ko‘rsatadi. Iqtisodiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida bandlik bilan bog‘liq muammolarni masofaviy ish yoki frilans orqali hal qilish mumkin. Bu daromadni oshirish va shaxsiy martaba, bandlik muammosini davlat miqyosida hal qilish imkonini beradi, deya qayd etadi PMTI.

Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotida aytilishicha, dunyodagi onlayn ish o‘rinlarining eng katta qismi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va texnologik ishlar toifasiga to‘g‘ri keladi. Ularning barcha onlayn frilans ishlaridagi ulushi 2018 yildagi 39 foizdan 2020 yilda 45 foizgacha oshgan.

O‘zbekistonda 2015 yilda AKT sohasida band bo‘lganlar soni 33,4 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 53,8 ming kishiga yetdi. 2021 yilda AKT sohasida nominal ish haqi 5,6 mln so‘m (respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 3,2 mln so‘m) bo‘ldi. DSQ ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda ro‘yxatga olingan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 547,6 ming kishini, 2021 yilda esa 1,2 mln kishini tashkil etdi.

O‘zbekistonda internet va mobil aloqaning rivojlanishining ishsizlik darajasiga ta’sirini tahlil qilish uchun Davlat statistika qo‘mitasining 2015−2020 yillardagi (84 ta kuzatuv) hududlar bo‘yicha statistik ma’lumotlariga asoslangan ekonometrik modellardan foydalanildi.

Tahlillarga ko‘ra, yangi asosiy uyali aloqa stansiyalarining qurilishi ishsizlikni kamaytirishga katta ta’sir ko‘rsatadi — 100 ta yangi asosiy uyali aloqa stansiyasining qurilishi ishsizlik darajasini 0,05 foiz punktga kamaytirishi mumkin. Optik tolali internet uzunligining 100 km ga oshishi ishsizlikni 0,04 foiz punktiga qisqartirsa, internetdan foydalanuvchilar sonining 1 foiz punktiga o‘sishi ishsizlikni 0,02 foiz punktiga kamaytiradi.

Shu bilan birga, PMTI ekspertlarining qayd etishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda AKT rivojlanishining ishsizlikni kamaytirishga ta’siri pastligicha qolmoqda. Bu iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va aholi hayotida raqamlashtirish jarayoni endigina boshlangani bilan izohlanadi, deyiladi hisobotda.