Iyul oyida Toshkent xalqaro aeroporti terminalini (“Toshkent-2”) rekonstruksiya qilishning ikkinchi bosqichi boshlandi. Bu kelgusi yil oxirida yakunlanishi kutilmoqda, deya ma’lum qildi Uzbekistan Airports vakillari juma kuni o‘tkazilgan press-tur davomida.

Rekonstruksiyaning birinchi bosqichi o‘tgan yilning sentabrm oyida yakunlangandi — unda uchib ketish zalining o‘ng tomoni ta’mirlandi, 1-uchish-qo‘nish yo‘lagi ham kapital ta’mirlandi, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun ikkinchi qavatga olib boradigan, avtoulovlarni hisobga olish tizimi bilan jihozlangan estakada ko‘p yillar o‘tgach qayta ochildi.

Rekonstruksiya natijasida havo porti o‘tkazuvchanlik quvvati ikki baravarga — soatiga 1200 dan 2400 yo‘lovchigacha ortadi, dedi rekonstruksiya loyihasining pudratchisi hisoblanmish “Uzpromxolodmontaj” qurilish kompaniyasining bosh direktori Ruslan Kuliyev.

Rekonstruksiya yangi qurilishlar hisobiga terminal hududi, ro‘yxatdan o‘tish va kutish xonalari, yuklarni qabul qilish zonasi va chegara nazorati sektorini kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Umumiy maydon 44 mingdan 74,3 ming kvadrat metrgacha oshadi.

Duty Free do‘koni maydoni va umumiy ovqatlanish zonalarini kengaytirish, esdalik sovg‘alari sotiladigan “Hunarmandlar shaharchasi” va aeroport hududida maydoni 150 kvadrat metr bo‘lgan birinchi kapsulali mehmonxonani ochish rejalashtirilgan. Terminalda SIM-kartalar va mobil qurilmalarni sotish punktlari bo‘ladi, shu jumladan bu yerda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Qurilish ishlari olib borilayotgan jo‘nab ketish terminalining ikkinchi qavati 1 sentabrga qadar tayyor bo‘ladi, deya ishontirmoqda Ruslan Quliyev. Keyin yangi bino qurish va ovqatlanish joyini buzish rejalashtirilmoqda. Uning o‘rnida to‘rtta yuk karuseli mavjud bo‘lgan yana bir uchib kelish zali paydo bo‘ladi. Barcha qismlar bitta yirik terminalga birlashtiriladi.

Bugungi kunga qadar Business Lounge zalini eski binoning CIP-zaliga ko‘chirish ishlari allaqachon boshlangan.

Yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish zonasida 50 ta yangi ro‘yxatga olish stollari o‘rnatiladi. Kutish hududida esa ko‘proq o‘rindiqlar o‘rnatiladi. 5 ta yangi yuk tashish karusellari o‘rnatiladi, dedi Ruslan Quliyev.

Aeroport oldidagi maydon ham rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Ish uchib keluvchilar hududidagi kichik avtoturargohdan boshlandi. Keyinchalik, yo‘lovchilarni qabul qilish zali oldidagi maydon ham rekonstruksiya qilinadi. U uch qismga bo‘linadi: 150 ta mashinaga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan avtoturargoh, o‘rindiqlar, favvoralar va yashil zonalar bilan kengaytirilgan piyodalar hududi, qolaversa, avtobus va taksilar uchun alohida yo‘laklar.

Foto: Uzbekistan Airports.

Mavjud avtobus bekati modernizatsiya qilinib, maydon sig‘imi 30 ta avtobusgacha kengaytiriladi. Ruslan Quliyev buni avtobuslar “reyslarni kutib olishi va jo‘nab ketishi” bilan izohladi.

O‘tgan yilning bahorida “Uzbekistan Airports” rahbari Ra’no Jo‘rayeva rekonstruksiya dasturida “jo‘nab ketish va kelish uchun normal kirish imkoniyati” ko‘zda tutilgani haqida xabar bergandi. Ko‘p o‘tmasdan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aeroportlar, shuningdek, temir yo‘l va avtovokzallarga kirishni soddalashtirishni nazarda tutuvchi qarorni imzoladi. Kompaniya tomonidan taqdim etilgan eskizlarda aeroport atrofidagi panjaralar kichik ustunchalar bilan almashtirilishi ko‘rsatilgan.

Foto: Uzbekistan Airports.

Ayni paytda avtoturargohlarni shahar hokimligidan “Uzbekistan Airways” balansiga o‘tkazishning yakuniy bosqichi davom etmoqda. Kompaniya Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi bilan avtoturargohlarni qabul qilish va topshirish aktini allaqachon imzolagan.

Auksion yakunlariga ko‘ra, Bobur Diyor aeroportga xizmat ko‘rsatuvchi taksi operatori bo‘ldi. U 2017 yildan buyon yo‘lovchi tashish sohasida ishlab kelmoqda. Korxona parkida 100 dan ortiq yengil avtomobil mavjud. Kompaniya transport tariflarini Uzbekistan Airports bilan muvofiqlashtirib boradi.

“Taksi chaqiruv stoli uchib kelish terminali ichida joylashgan bo‘ladi. Unga yaqinlashib, yo‘lovchi qulay usulda yo‘l haqini to‘lashi va kerakli manzilni kiritishi mumkin bo‘ladi. Shundan so‘ng, unga manzil va to‘lovni tasdiqlash ko‘rsatilgan chek beriladi. Ushbu chek bilan u kelgan birinchi taksiga o‘tiradi va uni navigator bo‘yicha eltib qo‘yishadi. Shuningdek, yo‘lovchi mashinaga o‘tirib, yo‘l haqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydovchiga to‘lashi mumkin bo‘lgan variant ham mavjud. Boshqa taksi xizmatlari bu yo‘lakka kira olmaydi, chunki kiraverishda avtomobillarni tanib olish imkoniga ega shlagbaumli tizim o‘rnatiladi”, — dedi “Uzbekistan Airports"ning jamoatchilik va OAV bilan aloqalar xizmati rahbari Yevgeniya Kolosova.

Kompaniya allaqachon avtoturargoh uskunalarini sotib olgan, uni o‘rnatish yaqin kelajakda boshlanadi. Bu xodimlar ishtirokisiz kirish va chiqish va to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi.

To‘lov avtomatlashtirilgan terminalda naqd pulda, bank kartalari va mobil ilovalar orqali qabul qilinadi. Boshqaruv kompaniyasi to‘xtash vaqtini (soat, kun) hisobga oladigan tarif tizimini ishlab chiqmoqda.

Mobil ilova orqali avtoturargohdagi joylarni oldindan band qilish, shuningdek, masofadan turib to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan. Avtoturargohlar, shuningdek, elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalari bilan ham jihozlanadi.