Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lining 11-kilometrida xizmat olib borayotgan YPX xodimi tomonidan Damas rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirilganda, haydovchi salonda jami 18 nafar yo‘lovchilar bilan harakatlanib kelayotganligi aniqlangan. Bu haqda O‘zbekiston IIV YHXB matbuot xizmati xabar qildi.

E’lon qilingan videoda ko‘pi bilan yetti nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan mashinadan yosh va kattalar navbatma-navbat tushishi, oldingi o‘rindiqda esa ikki yo‘lovchi o‘tirgani aks etgan.

Haydovchiga nisbatan «Yo‘l harakati qoidalari»ni buzganligi, ya’ni avtomashinaning texnik tavsiflarida ko‘rsatilganidan ko‘proq yo‘lovchi tashilgani uchun ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga, yo‘lovchilarni esa o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

Avvalroq Surxondaryodagi 25 nafar va Farg‘ona viloyatidagi bog‘chadan 28 nafar bolani Damas olib ketish holatlari haqida avvalroq yozgan edik.