O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha oltinchi yig‘ilishni joriy yil oxirigacha o‘tkazish uchun respublika JST Kotibiyatiga tashkilotga a’zo davlatlarning qo‘shimcha savollariga javoblar hamda so‘rovlarga muvofiq texnik jihatdan tartibga solish, intellektual mulk va boshqa yo‘nalishlarga oid yangilangan hujjatlarni taqdim etishi zarur.

Bu haqda Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoljayev idoralararo komissiya a’zolariga «O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar» berdi, shu bilan birga, muddatlarni kechiktirishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2020 yilda qariyb 5 yillik tanaffusdan so‘ng qayta tiklangan edi. Joriy yilning iyun oyi oxirida ishchi guruhning beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston tomoni va JSTga a’zo davlatlar o‘rtasida tashkilotga a’zo bo‘lish shartlari bo‘yicha muzokaralar boshlandi.

O‘sha paytdagi bosh vazir o‘rinbosari, ITSV rahbari Sardor Umurzakov o‘sha yig‘ilishda pandemiyaning salbiy oqibatlari tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini qiyinlashtirganini ta’kidladi. U JSTga a’zo mamlakatlarni yanada moslashuvchan bo‘lishga chaqirdi va O‘zbekiston a’zolik jarayonini imkon qadar tezroq yakunlash niyatida ekanligiga ishontirdi.