O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Tayvan atrofidagi vaziyatning rivojlanishi munosabati bilan yuzaga kelgan keskinlik tezroq bartaraf etilishiga umid bildirdi. Bu haqda Dunyo AAda tarqatilgan rasmiy bayonotda qayd etilgan.

«O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yor va tamoyillariga muvofiq, „yagona Xitoy“ siyosatini, ushbu mamlakatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini izchil qo‘llab-quvvatlaydi», — deyiladi xabarda.

AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechga yaqin rasmiy Xitoy o‘z hududi deb hisoblaydigan Tayvanga Xitoy hukumatining ogohlantirishlariga qaramay, Tayvanga tashrif buyurgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika Kongressi delegatsiyasining Tayvanga tashrifi o‘zaro xavfsizlik, iqtisodiy sheriklik va demokratik boshqaruvga qaratilgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi tashrifga keskin norozilik va tanqid bilan javob qaytardi.

«Bu yagona Xitoy prinsipi va Xitoy-Amerika uchta qo‘shma kommyunikesi qoidalarini jiddiy buzish, Xitoy-Amerika munosabatlarining siyosiy poydevoriga jiddiy zarar yetkazish, Xitoyning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qo‘pol ravishda tajovuz qilishdir. Bu Tayvan bo‘g‘ozi hududida tinchlik va barqarorlikka zarar yetkazadi, „Tayvan mustaqilligi“ deb ataladigan buzg‘unchi kuchlar uchun mutlaqo noto‘g‘ri signaldir», — deya qayd etdi TIV.

«AQSh noto‘g‘ri va xavfli yo‘ldan juda uzoqqa bormasligi kerak», — deya yakunlanadi TIV xabari.

4 avgust kuni Xitoy armiyasi Tayvan atrofidagi dengiz hududlari va ularning havo hududida harbiy mashqlar o‘tkazdi. Avvalroq ular 7 avgustgacha davom etishi ma’lum qilingandi.

«Payshanba kuni soat 13:00 da Xitoy Xalq Ozodlik armiyasining Sharqiy teatri qo‘mondonligi Tayvan bo‘g‘ozida uzoq masofali jonli otish mashqlarini o‘tkazdi va Tayvan bo‘g‘ozining Sharqiy qismidagi ayrim hududlarga maqsadli zarbalar berdi», deyiladi Xitoy global televizion tarmog‘i xabarida. Yakunda qo‘mondonlik o‘quv mashqlaridan kutilgan natijaga erishilganini qayd etdi.